SENATOR VA DEPUTATLAR AHOLI HUZURIDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi turmush tarzi bilan tanishmoqda.
Uchrashuvlarda aholi, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari, fermerlar o‘z faoliyatini kengaytirish, yer ajratish, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan senator va deputatlar, viloyat tashkilotlari rahbarlariga murojaat qilib, savollariga javob olmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, qabul qilinayotgan qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan muammolar hamda aholini o‘ylantirib kelayotgan dolzarb masalalar har tomonlama o‘rganilib, ularga joyida yechim topishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlaridan iborat guruhlar tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishmoqda. Hududlardagi ahvolni o‘rganish jarayonida aholi xonadonlariga kirib, ular bilan suhbatlashmoqda.
“Chiyali” va “Qumdaryo” qishloq fuqarolar yig‘inlari hududini o‘rganish jarayonida tadbirkorlikni rivojlantirish, bank-moliya muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi mavjud muammolar tahlil qilindi.
“Qumdaryo” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Oqto‘nli qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Hayitgul Shovqulova bunday dedi:
– Farzandlarim bilan qanday ishning boshini tutishni bilmay yurgan edik. Senator va deputatlar uyimizga kelib, holimizdan xabar olganidan, ochig‘i, juda xursand bo‘ldik. Ular chorvachilik uchun imtiyozli kredit olishimizni maslahat berib, buning uchun zarur yordam ko‘rsatilishini aytdi. Orzularimiz ushalsa, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.
Tumanning “To‘qmor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘lgan guruh vakillari ham aholining murojaat va muammolarini o‘rgandi.
O‘tgan yili Chiroqchi iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirgan Dilobar Bekmurodova turli shirinliklar tayyorlab, kichik biznes bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda u bankdan 30 million imtiyozli kredit olib, tikuvchilik sexi ochish haqida o‘ylab yurardi. Lekin garov ta’minoti yo‘qligi bois, maqsadiga erisha olmayotgan edi. Yosh tadbirkorning bu niyatini eshitgan deputatlar va tuman hokimligi vakillari bu borada uni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.
– Faqat televizorda ko‘rib yurgan deputatlarning xonadonimizga kelib, muammolarimizni o‘rganayotgani va ularni hal etishda amaliy ko‘mak berayotgani, ayniqsa, biz, yosh tadbirkorlarni yangi maqsadlar sari ruhlantirmoqda, – deydi Dilobar. – Prezidentimiz tashabbusi bilan bunday ezgu ishlar amalga oshirilayotgani hayotimizning yanada farovon bo‘lishiga, O‘zbekistonimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Parlament a’zolarining aholi bilan muloqotlari joylarda davom etmoqda.
O’zA