Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Namanganda “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festival yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, xalqimizning boy madaniy-ma’naviy merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yoshlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z qobiliyat va iste’dodini ko‘rikdan o‘tkazdi.
Festival doirasida “Biz – sog‘lom turmush tarafdorimiz!” shiori ostida yosh sportchilarning milliy kurash bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etilgan bo‘lsa, “Oshga marhamat” tanlovida yoshlar oshpazlik mahoratini ko‘rsatdi. “Milliy qadriyatlar mening nigohimda” rasmlar tanlovida esa yosh musavvirlarning asarlari taqdim etildi.
“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” deb nomlangan yosh tadbirkor va hunarmandlar ko‘rgazmasi yig‘ilganlarda, ayniqsa, katta taassurot qoldirdi. Unda kasb-hunar kollejini tamomlab, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va bu borada muayyan muvaffaqiyatlarga erishayotgan yosh ishbilarmonlar o‘zlari ishlab chiqargan mahsulot va xizmat turlarini namoyish qildi.
– Ikki yil oldin Namangan tumani Irvadon iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirib, “Model poyafzal savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etgan edim, – deydi yosh tadbirkor Abdulahad Ahmadjonov. – Mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlardan samarali foydalanib, korxonamizni izchil rivojlantirish choralarini ko‘rmoqdamiz. 2014-yilda 100 million so‘mlikdan ziyod bolalar va erkaklar poyafzali ishlab chiqardik. Bugun korxonamizda 30 ga yaqin yosh mehnat qilmoqda. Ayni paytda “Savdogarbank”ning 150 million so‘mlik kreditidan foydalangan holda, ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirmoqdamiz.
Tadbirda folklor jamoalari, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali g‘oliblari, yosh ijrochilar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.