Malakali kadrlar tayyorlanmoqda
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ichki ishlar organlari uchun yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida mamlakatimizdagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan.
Mazkur o‘quv muassasasida ta’lim jarayoni yangi davlat standartlari, zamonaviy axborot va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda, namunaviy o‘quv rejalari asosida olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Kasb madaniyati yuksak, yuqori malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlash – asosiy vazifamiz” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Mirzayev, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Sh.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ichki ishlar idoralari faoliyati zamon talablari asosida takomillashtirilgani huquq-tartibotni ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish, jamoat xavfsizligi va fuqarolar osoyishtaligini himoya qilishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilgani bunda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Akademiyada zamonaviy shart-sharoitlar asosida tergov, tezkor qidiruv, jinoyatlarning oldini olish, ekspert-kriminalistik faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlovchi Oliy akademik kurslar, ichki ishlar organlari ofitserlarining malakasini oshirish fakulteti, Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursi faoliyat yuritmoqda.
Innovatsion pedagogik texnologiyalar markazi, test markazi, ta’lim telemarkazi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimi bilan jihozlangan ma’ruza zallari, “Odam savdosi va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” interfaol o‘qitish markazi, kriminalistik tadqiqotlar o‘tkazishni o‘rgatish markazi, pedagogik mahorat maktabi, kriminalistik poligon, “Namunali militsiya tayanch punkti” o‘quv markazi hamda inson huquqlari bo‘yicha resurs markazi, “Tergov faoliyati” mutaxassisligi o‘quv-metodik xonasi tashkil etilgan bo‘lib, ular ta’lim jarayonini ham nazariy, ham amaliy asosda tashkil etishda qo‘l kelmoqda.
Akademiya o‘zining ta’lim portaliga ega bo‘lib, unda yuzlab o‘quv dasturlari, uslubiy materiallar, o‘quv filmlari, multimedia taqdimotlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ma’ruzalar, o‘quv-metodik komplekslar hamda normativ-huquqiy hujjatlar bazasi o‘rin olgan. Asosiy e’tibor ta’lim jarayonini jinoyatchilikka qarshi kurash amaliyoti bilan uyg‘unlashtirishga qaratilmoqda. Bu borada sohaviy xizmatlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar ham doimiy e’tiborda. Shu bilan birga, akademiyaning jismoniy tayyorgarlik kafedrasi qoshida qo‘l jangi, sambo, dzyudo, yunon-rum va erkin kurash, yengil atletika, futbol, voleybol singari sport seksiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Akademiya sportchilari O‘zbekiston milliy terma jamoalari safida jahon va qit’a chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib, jami 400 dan ortiq medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shundan yuzdan ziyodi oltin medaldir. Akademiya tinglovchilari fan olimpiadalarida ham yuqori o‘rinlarni egallamoqda.
Ichki ishlar vazirligi va sohaviy tizimlar matbuot xizmati xodimlari, akademiya professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda yetuk malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, o‘quv-tarbiya jarayoniga yangi zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish orqali nazariya va amaliyotning uyg‘unligini kuchaytirish bilan bog‘liq masalalar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
"Jahon" AA