MA’NAVIY KOMILLIKKA CHORLOVCHI SAN’AT
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Samarqandda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali xalqlar o‘rtasida do‘stlik, ahillik, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
2005-yilda o‘tkazilgan “Sharq taronalari” V xalqaro musiqa festivali g‘olibi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “An’anaviy ijrochilik” kafedrasi katta o‘qituvchisi Nodira Pirmatova festivalning mamlakatimiz madaniy hayoti hamda jahon musiqasi rivojidagi ahamiyati haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Badiiy mukammal qo‘shiq inson qalbi va ongiga, salomatligi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ayon. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy san’atimiz ravnaq topishiga, uni targ‘ib etishga, bu yo‘nalishda izlanayotgan san’atkorlar mehnatini qadrlashga, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga doimiy e’tibor ko‘rsatilmoqda. Xalqimiz, ayniqsa, navqiron avlodda insonparvarlik, bag‘rikenglik, fidoyilik kabi olijanob fazilatlarni shakllantirishda, ular ma’naviy dunyosini boyitishda musiqaning ahamiyati beqiyos. Shu bilan birga, xalqlar o‘rtasida ijodiy muloqot va hamkorlikni yanada mustahkamlash, ezgulik va ma’naviy poklikka chorlashda musiqa san’atining hissasi g‘oyat katta.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining nufuzi yil sayin ortib, ishtirokchilar safi kengayib bormoqda. Samarqand zaminida yangrayotgan navolar butun jahon bo‘ylab aks-sado berayotir. 2005-yilda bo‘lib o‘tgan festivalda Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiluvchi “Aylagay”, “Oyo” katta ashulalarini ijro etdim. Ijroim xalqaro hakamlar hay’ati va san’at ixlosmandlari tomonidan birinchi sovringa loyiq topilganidan boshim ko‘kka yetdi. Ushbu musiqa anjumani o‘zbek milliy musiqa san’atining naqadar boy va betakror, o‘ziga xos joziba va nafosatga ega ekanini dunyo ahliga namoyon etayotir.
"Sharq taronalari" V festivalida g‘olib bo‘lganimdan so‘ng o‘tgan yillarda Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Italiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Hindiston, Tailand kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro musiqa anjumanlari, ko‘rik-tanlovlar, konsertlar, simpoziumlarda ishtirok etdim. Ularda o‘zbek milliy qo‘shiqchiligimizning maqom, katta ashula, lapar-yalla kabi yo‘nalish va janrlarining mohiyatini ilmiy-nazariy jihatdan tushuntirish bilan birga, ijro usullarini ham namoyish etdik.
Xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan musiqa anjumanlari, seminarlarda o‘zbek musiqa san’ati, milliy musiqamizning katta ashula, maqom, qo‘shiqchilik, lapar, yor-yor, xalq ashulalari, bastakorlik ijodiyotiga oid mahorat saboqlari beramiz. Millatidan qat’i nazar, barcha musiqa shinavandalari, san’atshunoslar, ekspertlarda milliy musiqa merosimiz alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Maqom, katta ashula, mumtoz kuy-qo‘shiqlarimiz, boy musiqiy xazinamizdan namunalar turli mamlakatlar vakillari tomonidan o‘zgacha mehr va e’tibor bilan tinglanadi. Mumtoz musiqa namunalarimizning inson ma’naviyatiga ko‘rsatuvchi hayotbaxsh ta’siri bugungi kunda xorijlik olimlar tomonidan qizg‘in o‘rganilmoqda, bu yo‘nalishda ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi arafasida ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandda o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» o‘ninchi xalqaro musiqa festivali uning mehmonlariga jonajon O‘zbekistonimiz, bag‘rikeng xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, mamlakatimizning taraqqiyot odimlari, maftunkor tabiatimizni namoyish etadi. Festival doirasidagi konsertlar, ijodiy uchrashuvlar, anjuman va seminarlar qizg‘in muloqotlarga boy bo‘ladi, ishtirokchilar va san’at muxlislari, xorijlik mehmonlarga bayramona kayfiyat, yangi ilhom baxsh etadi, qalblarda ezgulik, mehr-muruvvat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.