INNOVATSION G’OYALAR VA YANGI LOYIHALAR POYTAXTIMIZDA ISH BOSHLAGAN YARMARKADA KENG NAMOYISH ETILMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti mutaxassislari Fazliddin Jo’rayev va Jasur Dononovning izlanishlari natijasida yaratilgan ilmiy ishlanma — geologik-qidiruv sohasi uchun mo’ljallangan qurilma zamonaviyligi bilan alohida ajralib turadi.
Gap shundaki, “Quduqdan tog’ jinsi namunalarini olish qurilmasi” deb nomlangan ushbu moslama geofizik tadqiqotlar o’tkazishda juda qo’l keladi. Uning odatdagi burg’ilash uskunalaridan farqi shundaki, o’q o’rniga po’lat silindrli maxsus idishlar o’rnatilgan. Uning to’rtta oyog’i esa tog’ jinsi namunalari qaysi qatlamdan olinganligini aniqlaydi. Eng muhimi, u chuqurlikka bir marta tushirilganda, 15 tagacha yoki 50 foiz namunani tog’ jinsi qattiqligiga qarab 10 daqiqa ichida yig’a oladi. Qurilma faqat vertikal emas, gorizontal yo’nalishlarda ham namuna yig’ishi mumkin. Qolaversa, u sezilarli darajada tejamkor. Ya’ni hozirgi kunda bitta quduqda shunday ish bajarishga o’rtacha 90 million so’m atrofida mablag’ sarflanayotgan bo’lsa, mazkur -uskuna uchun 60 million so’m yetarlidir. Ayni paytda olimlarning ushbu loyihasi sinov jarayonida.
Poytaxtimizdagi “O’zekspomarkaz” majmuasida bo’lib o’tayotgan X Respublika innovatsion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi ana shunday istiqbolli ishlanmalarga juda boyligi bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirayapti. Ularning har biri energiya tejamkorligi, ekologik jihatdan foydaliligi, qisqasi, qaysidir tarmoqqa zarurligi bilan e’tiborni tortadi. Binobarin, an’anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan ushbu yarmarka fan hamda amaliyot uyg’unligiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli ilm ahliga izlanishlar olib -borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ular o’z g’oya va tashabbuslarini amaliyotga joriy etib, respublikamiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo’shayaptilar. Bu yilgi yarmarka ham xuddi shu maqsadda tashkil etilgan. Ta’kidlash kerakki, hozirgacha o’tkazilgan yarmarkalarda 4200 ga yaqin innovatsion g’oya hamda texnologiyalar namoyish qilingan, ularda umumiy qiymati 144 milliard 100 million so’mlik bo’lgan 4 mingdan ziyod shartnomalar imzolangan. Ularning bajarilishi natijasida 2 trillion 200 mil-
liard so’mlikka yaqin 62 nomdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish o’zlashtirildi. 59 ta shartnoma bo’yicha esa mahsulotlarning tajriba-sinov va sanoat namunalari yuzaga kelgan bo’lsa, yuzlab korxona, fermer xo’jaligi hamda tadbirkorlik sub’yektlari ilmiy-amaliy xizmatlardan bahramand.
Galdagi tadbirda asosiy beshta — “Sanoat”, “Axborot texnologiyalari”, “Sog’liqni saqlash va farmatsevtika”, “Qishloq xo’jaligi” hamda “Fan va ta’lim” yo’nalishlaridan tashqari, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimiz akademik hamda yetakchi olimlari bilan uchrashuvda qo’yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, “Joriy qilingan innovatsion ishlanmalar” yo’nalishi ham tashkil etildi. Birgina mazkur yo’nalishning o’zida yirik ishlab chiqarish korxonalarida ilg’or texnologiyalar asosida turkumli tayyorlanayotgan 62 ta mahsulot namoyish etilayapti.
Shu bilan birga, yarmarkada yosh olim va talabalar tomonidan taklif qilinayotgan 100 ta ishlanmaning taqdimoti o’tkazilib, unda turli sohaga daxldor 500 dan ortiq ilg’or g’oya hamda loyihalar namoyish etilayotir.
Yarmarka doirasida, shuningdek, III Toshkent xalqaro innovatsion forumi ham bo’lib o’tdi. Unda dunyo miqyosida innovatsiya tizimlarining rivojlanish tendensiyalari, soha taraqqiyoti, muammo va istiqbollari tahlil qilinib, innovatsion iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash kabi masalalar muhokama etildi. Forum, asosan, O’zbekiston hamda Germaniyaning innovatsiyalar sohasidagi hamkorligiga bag’ishlandi. Tadbir doirasida “O’zbek — nemis innovatsion muloqoti — bilimlarga asoslangan jamiyat qurish kelajagi” mavzuida xalqaro konferensiya ham o’tkazilishi rejalashtirilgan.
Forumda Bolgariya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi singari davlatlar va BMT, YUNESKO, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar olimlari, mutaxassis hamda ekspertlar qatnashdilar.
O’zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi hamda Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tashkil etilgan yarmarka ertaga yakunlanadi.
X Respublika innovatsion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov so’zga chiqdi.