Ilmiy ishlanmalar – ishlab chiqarishga
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Samarqandda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy tadqiqot institutlari singari o‘ttizdan ortiq tashkilot ishtirok etdi.
– An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur ko‘rgazma iqtisodiyotning soha va tarmoqlaridagi talabni o‘rgangan holda yangi innovatsion g‘oya va loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, innovatorlar va innovatsiya loyihalari investorlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti prorektori Mo‘min Qodirov. – Jumladan, avvalgi yarmarkalarda universitetimiz olimlari va tadqiqotchilari tomonidan namoyish etilgan yigirmadan ortiq innovatsion ishlanmadan ayni paytda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida samarali foydalanilmoqda. Yana ko‘plab loyihalarimizni takomillashtirish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Bugungi yarmarkada ham o‘nga yaqin yangi ishlanmani taqdim etmoqdamiz.
Ko‘rgazma ishtirokchilari tomonidan sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, informatsion texnologiyalar hamda ilm-fan sohasidagi 150 innovatsion texnologiya, ishlanma va g‘oyalar namoyish etildi. Shuningdek, ular bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, istiqboldagi vazifalarni belgilash, ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish hamda innovatsion loyihalarga talabgorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.
– Biz taqdim etayotgan ingibatorlar respublikamizdagi neft va gaz sanoati hamda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida foydalanilayotgan metall va metall buyumlardan yasalgan uskunalarni korroziyadan saqlashga xizmat qiladi, – deydi Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi G‘ulom Shodiyev. – Ayni paytda esa bu vosita xorijdan xarid qilinmoqda. Agar loyihamiz ishlab chiqarishga joriy etilsa, ingibatorlarni mahalliy sharoitda arzon narxda tayyorlash va undan keng foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirda fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan texnologiya hamda ishlanmalar mualliflari o‘rtasida shartnomalar imzolandi. Viloyatdagi tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan lizing xizmatlari haqida ma’lumot berildi.
Ko‘rgazma yakunida tarmoq va sohalarni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yangi texnika va texnologiyalar, ilmiy ishlanma va g‘oyalar tanlab olinib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.