IJOD VA MAHORAT MAKTABI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Taniqli rassom Radik Azizov “Navro‘z”, “Mustaqil O‘zbekiston”, "Rassom va tabiat”, “Tasviriy san’at haftaligi”, “Chiziq va rangdagi uyg‘unlik” kabi ko‘rgazmalari bilan muxlislar e’tiborini qozongan iste’dodli ijodkor. U mamlakatimiz va xorijda o‘tkazilayotgan tanlovlar ishtirokchisi hamda xalqaro mukofotlar sovrindori.
Radik Azizov ayni kunda qizg‘in ijod bilan mashg‘ul. U har bir yaratgan asarini ixlosmandlar imtihonidan o‘tkazishga odatlangan. Shu sababli musavvir uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi sevimli ijod maskaniga aylangan. U har yili bu yerda o‘zining shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil qilib, ijodini boyitib boradi.
– Musavvir tabiat, yashillik, go‘zallik va zamondoshlaridan ilhom oladi, – deydi u. – Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi ham yosh iste’dod egalari, ijodkorlar bilan hamisha gavjum. Bu yerda muntazam ko‘rgazmalar tashkil qilishimning boisi ham shunda. Poytaxtimizning ko‘plab san’at maskanlarida ijodimni namoyish qilganman. Lekin bu saroy men uchun juda qadrli. Bu yerda ko‘plab muxlislar olqishiga va ehtiromiga sazovor bo‘lganman.
Darvoqe, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi bugungi kunda Radik Azizov singari ijodkorlarning sevimli go‘shasidir.
– 2004-yilda ochilgan Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi bugungi kunda mamlakatimizda navqiron avlodni milliy an’ana va qadriyatlarimiz, boy ma’naviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va ularning faoliyatini targ‘ib etishdek ulkan maqsadlarga xizmat qilmoqda, – deydi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi direktori F.Usmonov. – Shu bilan birga, faoliyatimizning yana bir asosiy maqsadi Buyuk ipak yo‘lining markazi sifatida e’tirof etilgan O‘zbekistonning boy madaniy, tarixiy merosini o‘rganish, tadqiq qilish, xalqimiz va dunyo jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shishga qaratilgandir.
Ushbu saroy binosi ko‘rgazmalar tashkil qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda maxsus zallar, muzey bo‘limi, ta’mirlash ustaxonasi va kutubxona mavjud. Shuningdek, binoning pastki qavatidagi ikkita ko‘rgazma zalida arxeologik topilmalar ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Saroy hovlisida Do‘stlik bog‘i tashkil qilingan va “Xirosima tinchlik toshi” monumenti o‘rnatilgan. Bu yerda har yili tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishida ellikdan ortiq ko‘rgazma o‘tkaziladi. “Biz baxtli bolalarmiz”, “Barkamol avlod ijodkorlari”, “Tasviriy va amaliy san’at festivali”, “Jahon xalqlari qo‘g‘irchoqlari” loyihasi doirasida “O‘zbek qo‘g‘irchoqlari”, “Atlas va adras namoyishi”, “Nozik qalb torlari”, “Naqshlarda mangulik siri”, “Bahor vernisaji” kabi ko‘rgazmalar shular jumlasidandir.
– Karvon saroyda ko‘rgazmalar tashkil qilish barobarida mahorat darslari ham muntazam o‘tkaziladi, – deydi ko‘rgazma zali mudiri G.Saodatova. – Masalan, hamyurtimiz rassom Gayane Matevosyanning sumie rassomlik san’ati bo‘yicha, yaponiyalik mashhur olim Xiroaki Furushoning arxeologiya yo‘nalishdagi mahorat darslarida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari talabalari, o‘quvchilari, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etadi. Bundan tashqari, har yili iyun-avgust oylarida rassomlarimiz maktab va oromgohlarda bo‘lib, tasviriy san’at saboqlaridan mashg‘ulotlar tashkil etadi.
Yana bir e’tiborli jihati, bu yerda uch ming kitob fondiga ega kutubxona kitobsevarlar xizmatida. Musavvirlik, arxeologiya, san’at mavzularidagi kitob va jurnallar shu sohada ta’lim olayotgan, ilmiy izlanish olib borayotgan o‘quvchi, talaba va tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan.
Muxtasar aytganda, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi mamlakatimizda kamol topayotgan yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va iqtidorini namoyon etishiga ko‘maklashish borabarida yoshlarni boy ma’naviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash, rag‘batlantirish, shuningdek, yurtimiz tarixini jahonga tanishtirish, targ‘ib qilish orqali xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
O’zA