GOLLANDIYA ISHBILARMONLARI O’ZBEKISTONNING IQTISODIY SALOHIYATIGA QIZIQISH BILDIRMOQDA
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Gollandiya Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qadoqlash uskunalari tayyorlovchilar uyushmasida O’zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatiga bag’ishlangan taqdimot bo’lib o’tdi.
Tadbir mamlakatimizning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi tomonidan O’zbekiston Davlat soliq qo’mitasi delegatsiyasining Niderlandlar Qirolligiga safari doirasida tashkil etildi.
Taqdimot chog’ida Gollandiya kompaniyalari vakillari O’zbekistonda barqaror rivojlanayotgan bozor iqtisodiga ega demokratik huquqiy davlatni barpo etish borasida olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlar bilan tanishdilar.
Ishtirokchilarga shuningdek, mamlakatimizda yaratilgan sarmoyaviy muhit, soliq imtiyozlari va bojxona qulayliklari hamda O’zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda so’zga chiqqan Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qadoqlash uskunalari tayyorlovchilar uyushmasi direktori Marsel van Xaren o’tgan yili mart oyida Gollandiya delegatsiyasi tarkibida O’zbekistonda bo’lgani chog’ida mamlakatimizning mustaqillik yillarida erishgan iqtisodiy natijalaridan hayratga tushganini ta’kidladi.
— Mamlakatlarimiz o’rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy yo’nalishlarda foydalanilmayotgan ulkan imkoniyatlar mavjud. Gollandiya va O’zbekiston o’rtasida mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan o’zaro tashriflar chog’ida imzolangan aniq kelishuvlarga erishilgan. Jumladan, Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qadoqlash uskunalari tayyorlovchilar uyushmasi va “O’zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi o’rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash hamda yuqori qo’shilgan qiymatga ega bo’lgan sifatli meva va sabzavot mahsulotlarini yetishitirish, sovutish qudratiga ega savdo-logistika markazlarini tashkil etish, oziq-ovqat sohasi va boshqa yo’nalishlarga Gollandiyaning zamonaviy texnologiyalarini jalb etish bo’yicha memorandumlar imzolangan.
Uyushmamiz kelgusida ham O’zbekiston va Niderlandiya o’rtasidagi oziq-ovqat sohasida ikki tomonlama sheriklik munosabatlarining rivojlanishiga hamda mamlakatingizda qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash hajmining oshishiga ko’maklashish tayyor.
Qishloq xo’jalik mahsulotlarini sovutish va muzlatish uskunalarini ishlab chiqarish va o’rnatishga ixtisoslashgan “Geerlofs Refrigeration B.V.” kompaniyasi direktori Piter Robbemont o’zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlik borasida ko’p yillik tajribaga ega ekanligini aytdi.
— Farg’ona, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi korxonalarda kompaniyamiz uskunalari o’rnatilgan va ular muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Mamlakatingiz hukumatining meva va sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun omborxonalar va sovutish kameralar sonini oshirish borasidagi rejasiga asosan biz O’zbekistonga hamkorlik borasida mintaqadagi eng istiqbolli bozor sifatida qaraymiz va zamonaviy qo’shma loyihalarning amalga oshirilishida ishtirok etishga tayyormiz.
“Forward” kompaniyasining bosh ijrochi direktori Ernest Munen O’zbekiston biznes yuritish uchun ajoyib imkoniyatlarni taklif etayotgani, ular orasida mamlakatda tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarda yaratilgan sanoatni diversifikatsiya qilish va o’sishiga, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishning yo’lga qo’yilishiga xizmat qiladigan imtiyoz va qulayliklar e’tiborli ekanligini ta’kidladi.
— Bugungi tadbir o’z axborot va amaliy xususiyatiga ko’ra juda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz O’zbekistonda amal qiladigan xususiy mulkni huquqiy himoya qilish, iqtisodiyotni yanada liberallashtirishni ta’minlash, biznesni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, ko’p tarmoqli bozor infratuzilmasini tashkil etishni ko’zda tutuvchi qonunchilik hujjatlari haqida foydali ma’lumotlar oldik. Men va yevropalik hamkasblarim O’zbekiston bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Mamlakatingizda ko’plab korxonalarning to’g’ridan to’g’ri xorij sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgani hamda ularning meva va sabzovotlar yetishtirish, mahalliy xomashyo asosida oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatishayotgani haqidagi dalil ham yuksak bahoga munosibdir.
O’z navbatida “Evers Specials” kompaniyasi direktori Kox Xurks O’zbekistonning qishloq xo’jalik sohasidagi ulkan salohiyati va yurtimizda yetishtirilgan meva va sabzovotlarning yuqori sifattga e’tibor qaratdi.
— Gollandiyalik tadbirkorlar o’z faoliyatlarini Osiyo yo’nalishi bo’yicha kengaytirish masalasini chuqur o’rganishmoqda va buning uchun ularga mamlakatingizda biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlarni bilish foydadan holi bo’lmaydi.
O’zbekistonning milliy iqtisodiyoti hatto jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ham izchil rivojlanishda davom etdi. Quvonarlisi mustaqillik yillarida mamlakatda siyosiy va iqtisodiy barqarorlik ta’minlandi, qulay ishbilarmonlik muhiti shakllantirildi, xorijiy sarmoyadorlar uchun huquqiy kafolat va imtiyozlar tizimi yaratildi. Bularning barchasi chet ellik tadbirkorlarning O’zbekistonda amalga oshiriladigan loyihalarga o’z mablag’larini faol yo’naltirishini rag’batlantiradi.
“Jahon” AA, Gaaga