Dolzarb qonun loyihalari ko‘rib chiqildi
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar ijtimoiy-iqtisodiy sohani yanada takomillashtirishga, xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Parlament a’zolari o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.
Mazkur qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilangan vazifalar doirasida ishlab chiqilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan nazariyotchi olimlar, yuqori malakali mutaxassis va ekspertlar ishtirokida 10 dan ortiq tadbirlar, jamoatchilik muhokamalari o‘tkazildi. Bundan tashqari, qonun loyihasining matni Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida hamda “norma.uz” yuridik-axborot portalida joylashtirilib, ekspertlarning, jamoatchilikning taklif va fikr-mulohazalari olindi. Qonun loyihasi kelib tushgan takliflar asosida yanada maromiga yetkazilib, takomillashtirildi, jahondagi rivojlangan mamlakatlarning qonunchilik yo‘li bilan tartibga solishga doir ijobiy tajribasi o‘rganildi.
Ta’kidlandiki, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasida davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga, shuningdek, fuqarolarning kundalik turmushiga axborot texnologiyalarini keng joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bank xizmatlari, elektron to‘lovlarning yangi turlarini hayotga tatbiq etish orqali to‘lov amaliyotining yanada soddalashuviga erishilmoqda.
Qabul qilinayotgan qonun loyihasi tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish imkonini beradi, elektron tijoratni yanada rivojlantirishga, elektron savdoda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga, bitimlarni tuzish tartib-taomillarini soddalashtirishga, elektron tijorat ishtirokchilari huquqlarini ro‘yobga chiqarishning huquqiy mexanizmlarini o‘rnatish va himoya qilishga xizmat qiladi.
Mazkur huquqiy hujjatning muhokamasi mutaxassislar, tadbirkorlar, olimlar va jamoatchilikning fikrlari inobatga olingan holda qiziqarli va erkin munozara ruhida o‘tdi.
Moddama-modda muhokamadan so‘ng mas’ul qo‘mitaga qonun loyihasining ayrim normalarini maromiga yetkazish va uni deputatlar uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqishlari uchun kiritish topshirildi.
Deputatlar, shuningdek, bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini hamda Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
Axborot xizmati