BANDLIK: IJTIMOIY HIMOYANING MUHIM KAFOLATI
















Konsullik va viza masalalari bo’yicha O’zbekiston Respublikasining Berlindagi Elchixonasiga murojaat qilishingizni so’raymiz:
Perleberger Str. 62, 10559 Berlin
Tel.: +49 30 394 098 30/80
Fax: +49 30 394 098 62
botschaft@uzbekistan.de
O’zbekiston TIV ishonch telefoni:
+998 71 233 28 28

Katta hayotga qadam qo’yayotgan har bir yosh, eng avvalo, jamiyatda o’z munosib o’rnini egallashni maqsad qiladi. Puxta bilim olib, kasb-hunar egasi bo’layotgan yoshlar uchun yaratilayotgan ish o’rinlari ana shunday orzu-umidlar ro’yobi sari yo’l ochishi, shubhasiz.
Zero, Prezidentimiz rahnamoligida hayotga izchil tatbiq etilayotgan islohotlar joylarda aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy himoyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, bunday ezgu sa’y-harakatlar natijasida o’tgan yili Toshkent viloyatida 87 ming 421 ish o’rni tashkil etildi. Ularning 70 foizdan ortig’i qishloq joylarga to’g’ri keladi. Mazkur raqamlarning o’ziyoq qanchadan-qancha xonadonlarga qut-baraka kirayotganidan dalolat beradi, albatta.
Masalan, Angren shahridagi “Jun Long Industrial”, “Alfredo textile”, Olmaliq shahridagi “Jurabek Laboratories” qo’shma korxonalarining har birida yangi quvvatlarni o’zlashtirish, mavjudlarini texnik va texnologik qayta jihozlash hisobidan 100-120 nafardan ziyod kishilarning bandligi ta’minlandi. Bo’ka tumanida to’qimachilik yo’nalishida faoliyat boshlagan “Dayshn mega-teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa bir yo’la 300 kishini ishga jalb etdi. Bekobod shahridagi “Sayyora orzu”, Bekobod tumanidagi “Zafar qurilish invest” korxonalari faoliyatining kengayishi hisobiga ularda ham 30-35 ta ish joyi yaratildi. Bu ro’yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan sanoat korxonalarida ishlash bir qarashda mushkul vazifadek tuyuladi. Chindan ham, kompyuterlashtirilgan qurilmalar mutaxassisdan tezkorlik va aniqlikni talab etadi. Quvonarlisi, bugun yurtimizdagi kasb-hunar kollejlarida o’qib, puxta bilim va ko’nikmaga ega bo’lgan yoshlar bunday murakkab texnologik uskunalarni mohirona boshqarishayapti.
O’rta Chirchiq tumanidagi sanoat va servis kasb-hunar kollejini to’qimachilik yo’nalishi bo’yicha tamomlagan Sayyora Toshmatova ham To’ytepadagi “Textill Mill Tashkent” korxonasida ish boshlashi bilanoq o’z vazifasiga tezda kirishib ketdi. Hozir jamoada uning 50 ga yaqin tengdoshlari yengil sanoat sohasida tajriba orttirmoqda.
— Kollejni bitirgach, albatta, o’zim tanlagan soha bo’yicha ishlayman, deb maqsad qilgandim, - deydi Sayyora. - Buni qarangki, diplomli bo’lgunimcha, shahrimizda eng ilg’or texnologik uskunalar bilan jihozlangan yengil sanoat korxonasi faoliyat boshladi. Hyech ikkilanmay, shu yerga ishga keldim. Yanglishmagan ekanman. Chunki bu jamoada “Ustoz - shogird” an’anasi yaxshi yo’lga qo’yilgani tajribamiz oshishida juda asqatmoqda.
Viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, keyingi bir yilda hududning shahar va tumanlardagi Bandlikka ko’maklashuvchi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlariga murojaat etgan 20 ming 103 nafar fuqaro o’ziga maqbul, ma’lumoti va mutaxassisligiga mos ish bilan ta’minlandi. Ularning yana bir guruhi haq to’lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 10 ming 751 nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqaro ham mazkur toifa uchun mo’ljallangan ish o’rinlariga joylashtirildi. Bu borada muntazam tashkil etib kelinayotgan mehnat yarmarkalarining o’rni va ahamiyati katta bo’layotir.
— Uy-ro’zg’or yumushlari hamda farzand tarbiyasidan ajralmagan holda daromad topishni istardim, - deydi Zangiota tumanilik uy bekasi Umida Eshonqulova. - Bandlikka ko’maklashuvchi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi ko’magi bilan maqsadimga erishdim. Hozir tumanimizdagi “Man joy toys” mas’uliyati cheklangan jamiyati kasanachilari safidaman. Shu tariqa oilamiz farovonligiga hissa qo’shayapman.
E’tiborlisi, o’tgan yili viloyatdagi 300 dan ziyod korxonada kasanachilik asosida 4 ming 500 ga yaqin ish o’rni yaratildi. Xususan, Bekobod shahri, Bo’stonliq, Zangiota, Yangiyo’l va Qibray tumanlaridagi o’nlab sanoat tuzilmalarining har birida 15-18 tadan kasanachilik o’rni ochildi. Ular, asosan, xotin-qizlarga mo’ljallangan bo’lib, korjomalar tikish, mahsulot saralash, qadoqlash, qutilarga joylash, qandolatchilik, pazandalik kabi yo’nalishlardan iborat. Darvoqye, hududda 2014-yilga mo’ljallangan bandlik dasturi asosida tashkil etilgan ish o’rinlarining salmoqli qismi, aniqrog’i, 50 mingdan ortig’i aynan yoshlarga mo’ljallangani bilan ahamiyatlidir. Bu, tabiiyki, mehnat bozoriga kirib kelayotgan asosiy qatlam - kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlashda ayni muddao bo’lmoqda. Birgina o’tgan yilning o’zida viloyatdagi 130 ga yaqin ana shunday muassasaning 34,4 mingga yaqin bitiruvchisi ishga joylashgani so’zimiz tasdig’idir. Bu borada ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar ham yaxshi samara berayotir.
— Biznes loyiham tijorat bankining moliyaviy ko’magi bilan ro’yobga chiqdi, - deydi olmaliqlik kollej bitiruvchisi Shahnoza Rahimjonova. - Shu tariqa “Shohista Shahnoza” tikuv korxonasini ochib, 10 nafar dugonam bilan bir jamoa bo’lib ishlayapmiz. Ayni paytda maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari uchun maxsus choyshablar ishlab chiqarmoqdamiz. Kelgusida erkaklar va ayollar uchun mavsumiy kiyimlar tayyorlashni yo’lga qo’ymoqchimiz.
Muxtasar aytganda, ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturida viloyatdagi har bir shahar va tumanning o’ziga xos xususiyatlari, demografik holati hamda mehnat resurslari inobatga olingani uning to’laqonli ro’yobga chiqishini ta’minlayapti. Bu esa ijtimoiy himoya va aholi turmush farovonligini oshirishning yangi imkoniyatlari sari yo’l ochmoqda.